Innovatsion tadbirkorlik sohasida O‘zbekiston-Gruziya biznes uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
2024-yil 21-fevral kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida respublikamizda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, innovatsiyalarga asoslangan sohalarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan O‘zbekiston va Gruziya ishbilarmonlari o‘rtasida b2b shaklidagi uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda Gruziya tomonidan “Gruziya Banki” AJ hamkorligida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturlash, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, elektron tijorat, audit, biznes konsalting kabi yo‘nalishlarda faoliyat olib boruvchi 14 ta Gruziya kompaniyalaridan 30 ga yaqin vakillari qatnashdilar.
Shuningdek, biznes uchrashuvga O‘zbekiston tomonidan Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, IT Park, O‘zbekiston Moliyaviy texnologiyalar assotsiatsiyasi hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat olib boruvchi 40 dan ortiq mahalliy tadbirkorlik subyektlari ishtirok etdilar.
Tadbirda tomonlar innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, ikki davlat biznes doiralari o‘rtasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, xorijiy davlatlarda istiqbolli innovatsion loyihalar birgalikda yo‘lga qo‘yish, innovatsion biznes ekotizimini rivojlantirish, bank-moliya sohasiga raqamlashtirish hamda innovatsion yechimlarni jadal joriy etish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlab o‘tdilar.
Uchrashuv ochilish marosimida O‘zbekiston tadbirkorlari uchun Gruziya biznes delegatsiyasi vakillarining qisqacha biznes faoliyatlari to‘g‘risida taqdimotlar tashkil etildi.
So‘ngra muloqot “b2b” shaklidagi uchrashuvlar orqali ikki tomon biznes vakillari o‘rtasida qizg‘in davom etib, O‘zbekiston va Gruziya biznes doiralari tomonidan dasturiy ta’minot, moliyaviy texnologlilarni qo‘llash, sanoat tarmoqlariga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish borasidagi hamkorlik takliflari o‘zaro muhokama etildi.
Uchrashuv yakunida ikki davlat tadbirkorlari kelgusida innovatsion iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lgan axborot texnologiyalari, dasturlash, moliyaviy texnologiyalar, sun’iy intellekt, mashinalar texnologiyasi, elektron baza yaratish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar.