• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Suhbat dasturi haqida

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI BIZNES VA TADBIRKORLIK OLIY MAKTABI MAGISTRATURASIGA KIRUVCHI NOMZODLAR UCHUN SUHBAT SINOVLARI DASTURI

 KIRISH

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 4-apreldagi “Iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda ilmiy yondashuvlarni kengaytirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-108-son Qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi (keyingi o‘rinlarda Oliy maktab deb yuritiladi) zamonaviy ta’lim standartlari asosida MBA – global menejment, MBA – moliya, MBA – agrobiznes, MBA – kichik biznes va tadbirkorlik va Loyiha boshqaruvi (PM) magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirishning ustuvor vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali boshqaruv kadrlarini tayyorlashni amalga oshirmoqda.

Oliy maktab tinglovchiligiga qabul davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, yirik uyushmalar, aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning rahbar va mutaxassislari orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi. Suhbat sinovlari magistraturaga qabul qilish uchun nomzodlarni (keyingi o‘rinlarda nomzod deb yuritiladi) saralash bosqichlaridan biri hisoblanadi.

Suhbatni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yuqori kasbiy bilim va ilmiy yutuqlarga, ijodiy va ilmiy salohiyatga, yuksak intellektual qobiliyat va ma'naviy-axloqiy fazilatlarga ega bo‘lgan nomzodlarni tanlash jarayonida raqobat muhitini yaratish va ta’minlashdan iborat.

Suhbat orqali nomzodlarning boshqaruv sohasidagi professionalligi, tizimli fikrlash, yetakchilik qobiliyati, qadriyatlarga munosabati hamda o‘zgarishlarga moslashish kabi fazilatlari aniqlanadi va baholanadi.

Ushbu dastur nomzodlarga qo‘yiladigan asosiy talablarning mazmunini belgilaydi va suhbat shaklida o‘tkaziladigan imtihonlarga tayyorgarlik ko‘rish yo‘nalishlari bo‘yicha ma'lumotlarni taqdim etadi.

Suhbat davomida nomzodlardan boshqaruv qonuniyatlari  va tamoyillari, funksiya va vazifalari, boshqaruv tizimida rahbarning o‘rni, madaniyati va uslubi, shuningdek, boshqaruv qarorlarining mohiyati, mazmuni va samaradorligi to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarini namoyish etishlari talab etiladi.

Dastur Oliy maktab magistraturasi va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash kurslariga kirish uchun suhbat o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi Nizom talablari asosida ishlab chiqilgan hamda soha ekspertlarining taqrizidan o‘tgan.

 

MBA qabul jarayonidagi TOP savollar:

  1. Shaxsiyatga asoslangan MBA intervyu savollari:

    • O‘zingiz haqingizda biror narsa ayting.
    • Sizni MBA darajasini olishga nima undaydi?
    • Nima uchun bizning Oliy maktabga kirmoqchisiz?
    • Nima uchun sizni o‘qishga qabul qilishimiz kerak?
    • Sizning kuchli va zaif tomonlaringiz nimada?
    • Sizning sevimli mashg'ulotingiz nima? Agar ko‘proq bo‘sh vaqtingiz bo‘lsa, nima qilgan bo‘lardingiz?
    • Sizning orzuingiz nima? Kelgusi yillarda professional jihatdan nimaga erishmoqchisiz? 
  1. Mehnat faoliyati bo‘yicha MBA intervyu savollari:

    • Hozirgi ishingizning qaysi jihatlari sizga yoqadi?
    • Sizning yaqin va uzoq kelajakdagi maqsadlaringiz qanday?
    • MBA kar'erangizda ko‘tarilishingizga qanday yordam beradi?
    • Siz jamoaviy o‘yinchimisiz? Ta'riflang.
    • Hamkasblaringiz, rahbaringiz yoki do‘stlaringiz siz haqingizda nima deydi?
    • Qanday qilib resurslaringizdan maksimal darajada foydalanasiz?
    • Bitiruvdan keyingi besh, o‘n va yigirma yil ichida o‘zingizni qayerda ko‘rasiz?
    • Sizning ma'lumotingiz va qobiliyatingiz ish maqsadlaringizga erishishingizga qanday yordam beradi?
    • Nega hozirgi ish joyingizda qolib, martaba maqsadlaringizga intilmaysiz?
    • MBAdan keyingi maqsadlaringizga erishish uchun qanday o‘ziga xos qobiliyatlarga ega bo‘lishni xohlaysiz?
    • Hamkasblaringizni biror narsani qilishga ilhomlantirganingiz haqida gapirib bering. 
  1. Soha/sektor bilan bog‘liq savollar:

    • O‘z sohangizdagi uchta dolzarb o‘zgarishlar haqida gapiring.
    • Sizningcha, o‘n yildan keyin sohangiz qanday ko‘rinishga ega bo‘ladi? Sizningcha, qanday muhim o‘zgarishlar yuz beradi?
    • Sizning sektoringiz oldida turgan eng dolzarb muammo nima?
    • Qanday yechim taklif qilasiz?
    • Sizning sohangizda muvaffaqiyatli boshqaruv uchun beshta muhim qobiliyat qanday? 
  1. Vaziyatga doir MBA intervyu savollari:

    • Yetakchilikni ko‘rsatgan vaqtingizni tasvirlab bering.
    • Axloqiy masala bo‘yicha qaror qabul qilishingiz kerak bo‘lgan vaziyatingizni tasvirlab bering. Sizning yechimingiz nima edi?
    • Dunyo qarashingizni shakllanishiga ta'sir qilgan tajribangizni tasvirlab bering. Nima sizni shunday o‘ylashga majbur qiladi?
    • Muvaffaqiyatsizlik va undan olgan saboqlaringizni tasvirlab bering.
    • Qiyinchiliklarni yengishingiz kerak bo‘lgan vaqtni tasvirlab bering.
    • Turli jamoalardagi ishlaganingizda shaxslararo mojaroga duch kelgan holatingingiz bilan baham ko'ring. 
  1. Yetakchilik va istiqbolga oid MBA intervyu savollari:

    • Yetakchi (lider) sifatida qanday yutuqlarga erishgansiz?
    • Qaysi xalqaro biznes yetakchini (tadbirkorni) ko‘proq qadrlaysiz?
    • Muvaffaqiyatli kompaniya rahbari uchun qaysi beshta xususiyat muhim deb hisoblaysiz?
    • Sizningcha, global dunyoqarash bugungi sharoitda biznesni boshqarishga qanday yordam beradi?
    • Liderlikga qanday ta'rif berasiz?
    • Hozirgi ijtimoiy-iqtisodiy tendentsiyalar haqida qanday fikrdasiz?
    • Qaysi global voqea sizning yetakchilik haqidagi tasavvuringizni o‘zgartirdi? Qanaqasiga?
    • MBA o‘qishdan siz erishmoqchi bo‘lgan eng yaxshi besh narsa nima?
    • Jamoangiz oldida nostandart nuqtai nazarni himoya qilishga majbur bo‘lgan vaziyatni gapirib bering? 
  1. Umumiy savollar:

    • COVID-19 global iqtisodiyotga qanday ta'sir ko‘rsatdi?
    • COVID-19 ning O‘zbekistondagi biznesga ta'sirini baholang.
    • Barqaror Rivojlanish Maqsadlari haqida nimalar bilasiz?
    • BMT Barqaror Rivojlanish Maqsadlari O‘zbekistonda qanday qo‘llab-quvvatlanmoqda?
    • Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta'minlash.
    • Iqtisodiy inqirozlar: mazmuni, sabablari va turlari.
    • Ishsizlikning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari.
    • O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga qo‘shilishining shart-sharoitlari.
    • O‘zbekiston iqtisodiyotini qanday ta'riflagan bo‘lardingiz?
    • O‘zbekiston iqtisodiyoti oldida qanday uchta muammolar turibti?