• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

“Biznesda mahorat darslari” loyihasida innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishda IT sohasining o‘rniga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2024-yil 30-mart kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Biznesda mahorat darslari” loyihasi ostida biznes olamidagi yetakchi kompaniyalar asoschilari va top menejerlari, mashhur tadbirkorlar hamda iqtisodiyotimizni rivojlanishiga salmoqli hissasini qo‘shayotgan biznes namoyandalari bilan o‘tkaziladigan turkum uchrashuvlar doirasida Oliy maktab professor-o‘qituvchilari va tinglovchilari uchun ilk mehmon ma’ruzasi tashkil etildi.

Uchrashuv respublikamizda innovatsion tadbirkorlik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, startap ekotizimini rivojlantirishda yetakchi sanalgan hamda milliy iqtisodiyotimizda o‘zining o‘rniga ega bo‘lgan Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalar parki “IT PARK” MCHJ rahbariyati bilan hamkorlikda o‘tkazildi. 

Tadbirda axborot texnologiyalari, boshqaruv va innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish va startap kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlash borasida boy tajribaga ega “IT PARK” MCHJ ijrochi direktori Abdulahad Kuchkarov mehmon ma’ruzachi sifatida taqdimot bilan ishtirok etdi. 

Taqdimot davomida milliy iqtisodiyotni rivojlantirishda innovatsion tadbirkorlikning ahamiyati, O‘zbekistonda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning joriy holati, bu boradagi mavjud muammolar, istiqbolli yo‘nalishlar hamda ushbu sohada “IT PARK” MCHJning olib borayotgan faoliyati haqida to‘xtalib o‘tildi.

Tadbir ishtirokchilari innovatsion loyihalarni qay tarzda boshqarish va innovatsion sohada samarali strategiyalarni muvaffaqiyatli joriy etish bo‘yicha “IT PARK” MCHJning yetakchi rezident kompaniyalarining amaliy tajribalari bilan batafsil tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Taqdimot yakunida ishtirokchilar mehmon ma’ruzachi bilan savol-javoblar sessiyasida ochiq muloqot qilib, innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga oid masalalar bo‘yicha qizg‘in muhokama o‘tkazdilar.

Ma’lumot uchun. “Biznesda mahorat darslari” – Biznes va tadbirkorlik maktabining biznes ta’limni qo‘llab-quvvatlash loyihasi bo‘lib, unda Oliy maktab tinglovchilari uchun biznes olamining turli sohalarida faoliyat ko‘rsatuvchi respublikamiz va xorijiy davlatlarning yetakchi kompaniya rahbarlari, ilg‘or biznes namoyandalari va taniqli tadbirkorlar ishtirokida mehmon ma’ruzalari tashkil etiladi.