O‘zbekistonning Singapurdagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2024-yil 5-mart kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida O‘zbekiston Respublikasining Singapurdagi yangi tayinlangan elchisi A.Kayumov bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Oliy maktab faoliyatini innovatsion biznes, yashil iqtisodiyot va tadbirkorlik sohalarida yanada rivojlantirish bo‘yicha Singapurning innovatsion iqtisodiyot sohasidagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari, tadqiqot markazlari, ilm-texnika parklari va boshqa tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Xususan, Singapurning innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashkilotlari va ta’lim institutlari bilan hamkorlikda Oliy maktabda innovatsion biznes sohasida malakali kadrlar tayyorlash, respublikamizda startap ekotizimini yanada kengaytirish, yashil iqtisodiyotni barpo etish borasidagi tamoyillar va standartlarni keng joriy etishga qaratilgan o‘quv kurslarini tashkil etish hamda bu borada Singapurning yetakchi tashkilotlari bilan aloqalarni o‘rnatish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida innovatsion tadbirkorlik, yashil texnologiyalarni iqtisodiyotga joriy etish, Oliy maktabning professor o‘qituvchilari va xodimlarini malakasini oshirish va zamonaviy biznes ta’limi sohasida Singapurning yetakchi oliy o‘quv muassasalari bilan o‘zaro tajriba almashish hamda hamkorlikni kengaytirishga alohida to‘xtalib o‘tildi.
O‘tkazilgan uchrashuv yakuniga ko‘ra Oliy maktabning xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish borasida O‘zbekistonning elchixonasi ko‘magida Singapurning innovatsion sohadagi yetakchi tashkilotlari bilan innovatsion biznes, ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish va mutaxassislar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish borasida kelgusida muloqotlar, biznes uchrashuvlar, delegatsiyalar tashriflari hamda qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishga kelishib olindi.