Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) tomonidan amaliy seminari bo‘lib o‘tdi
Bugun respublikamizda sanoat tarmoqlarining salohiyati, ishlab chiqarish imkoniyatlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu o‘rinda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida tayyor mahsulotlarning eksportdagi ulushi oshib bormoqda, bunda, ayniqsa, sanoat mahsulotlarining hajmi ko‘paymoqda.
So‘nggi yillarda yurtimiz sanoat salohiyatining yuksalishida ishlab chiqarish korxonalari tashqi bozorlarga e’tibor qaratgan holda o‘z xaridorlariga ega bo‘layotganligi, bu borada rivojlangan davlatlarning yetakchi savdo-sanoat doiralari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zimizda jadal joriy etishga e’tibor qaratayotganlari alohida ta’kidlab o‘tish joizdir.
Bunda Germaniyaning Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan hamkorlikda 2007-yildan buyon respublikamizda amalga oshirilayotgan “Menejerlar malakasini oshirish” Dasturi yangi avlod menejerlari, zamonaviy fikrlaydigan hamda ilg‘or boshqaruv uslub va texnologiyalarini tatbiq etish salohiyatiga ega rahbarlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishda ijobiy tajribani namoyon qilmoqda.
Shu munosabat bilan 2023-yil 12-sentabr kuni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida respublikamiz hududlarida faoliyat yuritayotgan ishlab chiqarish korxonalarining 30 nafar rahbar va menejerlari uchun Germaniyadan kelgan ekspertlar ishtirokida zamonaviy fikrlaydigan va Yevropaning sanoat korxonalarini boshqarish sohasidagi tajribalarni o‘rganishga qaratilgan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Mazkur seminar ikki kun davom etadi va unda mahalliy ishlab chiqarishda ilg‘or boshqaruv uslublarini joriy etish, tashqi bozorlarga kirib borish va unda o‘z o‘rniga ega bo‘lish, Germaniyaning sanoatni boshqarish modeli, ishlab chiqarishga resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishda yangi texnologiyalardan foydalanish hamda zamonaviy boshqaruv uslublarini qo‘llash kabi mavzularda ekspertlar tomonidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Shuningdek, seminarda mahalliy menejerlar Germaniyalik mutaxassislar bilan birgalikda “aqliy hujum” usulida ishlab chiqarishni jahon talablari darajasiga olib chiqish yuzasidan sanoat korxonalari uchun aniq takliflarni shakllantirdilar.
Mazkur seminar 2023-yil noyabr oyida mahalliy menejerlarning sanoat korxonalarini boshqarishda Germaniya tajribasini o‘rganish, Yevropa korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish hamda jahondagi ilg‘or boshqaruv bilimlarini egallash bo‘yicha Germaniyada bo‘lib o‘tadigan stajirovka oldi tayyorgarlik vazifasini o‘tab beradi.