• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Xalqaro biznes sohasidagi ekspert ishtirokida ochiq ma’ruza bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 12-mart kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida xalqaro biznes sohasida ekspert, ispaniyalik Romero de Marselo Adolfo tomonidan Oliy maktabning professor, o‘qituvchi va tinglovchilari uchun “O‘zbekistonning kichik va o‘rta biznes kompaniyalari uchun Yevropa Ittifoqi bozoriga kirish va xalqaro biznes yuritish imkoniyatlari” mavzusida ochiq ma’ruza tashkil etildi.

Romero de Marselo Adolfo xalqaro biznes va kichik va o‘rta korxonalarni tashqi bozorlarga eksport faoliyatini kengaytirish orqali xorijiy bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish bo‘yicha mutaxassis hisoblanadi.

Ispaniyalik mutaxassis o‘z taqdimotida Yevropa kompaniyalarining tajribasi asosida xalqaro miqyosda biznes yuritish imkoniyatlarini ko‘rsatib berdi hamda O‘zbekiston kichik va o‘rta biznes vakillarining Yevropa Ittifoqi bozorlariga muvaffaqiyatli kirib borish mexanizmlari to‘g‘risida alohida to‘xtalib o‘tdi.

Ochiq ma’ruzaning asosiy maqsadi O‘zbekiston korxonalarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga ahamiyatini inobatga olgan holda O‘zbekiston kichik va o‘rta korxonalari mahsulotlari eksportini xorijiy bozorlarga kengaytirishning asosiy elementlari, imkoniyatlari va strategiyalarini yoritib berishdan iboratdir.

Shuningdek, taqdimotda Yevropa Ittifoqi bozoriga muvaffaqiyatli kirish yo‘li va mexanizmi, mavjud muammolarni aniqlash va globallashuv sharoitida tadbirkorlar uchun xalqaro biznesning istiqbolli yo‘nalishlarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor qaratildi.

Tadbir davomida o‘zbek korxonalari uchun xalqaro eksport bozorlari, hozirda jahondagi eksport tendensiyalari va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Shu bilan birga xorijiy kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqish bo‘yicha ilg‘or tajriba va amaliyoti tahlil qilinib, uni asosida o‘zbek kompaniyalarining Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqish bo‘yicha muvaffaqiyatli strategiyalarni qo‘llash imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, ochiq ma’ruza davomida milliy mahsulotlarni Yevropa Ittifoqi bozoriga eksport qilishda mavjud imkoniyatlar, iste’molchilar tahlili, talab va standartlar muhokama qilindi.

Ochiq ma’ruza yakunida samarali savol-javob bo‘lib o‘tdi va ishtirokchilar xorijiy mutaxassis bilan faol muloqot olib borgan holda O‘zbekiston korxonalarining Yevropa Ittifoqi bozoriga eksportini rivojlantirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.