Qimmatli qog‘ozlar bozorida IPO va SPO oldi-sotdi jarayonlari va birjalar faoliyati mavzusida mahorat darsi tashkil etildi
Joriy yilning 14-may kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Qimmatli qog‘ozlar bozorida IPO va SPO oldi-sotdi jarayonlari va birjalar faoliyati” mavzusida Oliy maktab tinglovchilari va xodimlari uchun navbatdagi mahorat darsi tashkil etildi.
Mahorat darsida “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i, dotsent Fayzulla Tashov hamda Oliy maktabining “Biznesni boshqarish (MBA)” kafedrasi mudiri, professor Dilmurod Suyunovlar tomonidan hozirgi kunda qimmatli qog‘ozlar depozitariysi faoliyati, qimmatli qog‘ozlarning saqlanishi va hisobotlar, birjalar faoliyati, qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanishi, mavjud muammolari va ularning zamonaviy yechimlari hamda aksiyadorlik jamiyatlarining boshqaruv organlariga ta’siri kabi muhim mavzularga e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari tadbir davomida ma’ruzachilar Oliy maktab tinglovchilariga mamlakatimizdagi kapital bozorini rivojlantirish istiqbollari, qimmatli qog‘ozlar bozorining rivojlanish tendensiyalari, IPO, SPO oldi-sotdi operatsiyalarini amalga oshirish jarayonlari va birja faoliyati bo‘yicha kerakli amaliy va nazariy ko‘nikmalar ulashildi.
Ma’lumot uchun:
- IPO (Initial Public Offering) – aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish bo‘lib, unda kompaniya o‘z aksiyalarini fond bozorida birinchi marta investorlarning keng doirasiga sotish tushuniladi. IPO kompaniyaga keyingi o‘sish va rivojlanish uchun kapital qo‘yilmalarni jalb qilish imkonini beradi.
- SPO esa (ikkinchi darajali ommaviy taklif) - bu ikkilamchi ommaviy taklif bo‘lib, unda IPOni allaqachon tugatgan kompaniya fond bozorida sotish uchun qo‘shimcha aksiyalarni chiqarishi tushuniladi. SPO kompaniyaga dastlabki ommaviy taklifdan (IPO) so‘ng qo‘shimcha kapital jalb qilish imkonini beradi.
Fond birjasi rivojlanayotgan davlat iqtisodiyotida zarur aktivator hisoblanadi, shuningdek, jahon iqtisodiyotining rivojlanishi va uning barqaror o‘sishi uchun juda katta rol o‘ynaydi, shu sababli, respublikamizda birjalarni samarali ishlashini ta’minlash chora tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda zamonaviy talablariga javob beruvchi fond bozorini yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu esa bozor iqtisodiyoti sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlar va iqtisodiy soha ishtirokchilari o‘z iqtisodiy manfaatlarini qimmatli qog‘ozlar bozori bilan bemalol bog‘lashi mumkin.
Tadbir yakunlari bo‘yicha tinglovchilarning IPO, SPO oldi-sotdisi hamda birja faoliyati to‘g‘risidagi bilimlari yanada amaliy ko‘nikmalar asosida mustahkamlandi.