• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Startaplarga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha xorijiy tajriba o‘rganildi

Joriy yilning 23-fevral kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Koreyaning Ilg‘or texnologiyalari va fan instituti (KAIST) bilan hamkorlikda “Startaplarga sarmoyalarni jalb etishning huquqiy asoslari” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.

Seminardan ko‘zlangan maqsad respublikamizda innovatsion iqtisodiyotni barpo etishda startaplarga sarmoyalarni jalb etish, innovatsion loyihalarni moliyalashtirishning huquqiy asoslari, startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda jahonda qo‘llanilayotgan ilg‘or xoriji tajribasini o‘rganish hamda startaplarni moliyalashtirishda venchur fondlar va kompaniyalarning yuqori riskli loyihalarga mablag‘larni sarmoya qilishdagi huquq va majburiyatlarini aniqlashtirishdan iboratdir. Shuningdek, seminarda respublikamizda startap ekotizimini rivojlantirishga masʼul vazirlik va idoralari, oliy taʼlim muassasalari hamda Koreyaning yetakchi ilmiy-tadqiqot tashkilotlari va venchur kompaniyalari ishtirok etdilar.

Maʼlumki, so‘nggi yillarda respublikamizda startaplarni rivojlantirish masalasi innovatsion iqtisodiyotni barpo etishda, yangi texnologiyalar va tovar (xizmatlar) ni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu borada aynan startaplarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, startap loyihalarga sarmoya mablag‘larini jalb etish masalalarini yana-da takomillashtirish zarur bo‘lmoqda. Shu o‘rinda startaplar avvalo, turli venchur fondlari tomonidan o‘z loyihalarini moliyalashtirishga mablag‘larni jalb etishdan umidvordirlar. Bunday startaplarga sarmoyalarni jalb etishni huquqiy jihatdan tartibga solish hamda startaplar faoliyatini investitsion qo‘llab-quvvatlashning normativ-huquqiy bazasini yaratish dolzarb vazifalardan biri sanaladi.

Seminarda Koreyaning Ilg‘or texnologiyalar va fan instituti tomonidan startaplarga sarmoya kiritishning huquqiy asoslari, startaplarni moliyalashtirish uchun yaratiladigan shart-sharoitlar, startaplarga sarmoyalarni jalb etishga taʼsir etuvchi omillar hamda yuqori riskli innovatsion loyihalarni moliyalashtirishdagi mavjud muammolar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.

Shuningdek, seminarda Venchur sarmoyalari uyushmasi vakili tomonidan venchur sarmoyalari va uning startaplarni rivojlantirishdagi ahamiyati to‘g‘risida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud qonunchilikda yechim topishi lozim bo‘lgan masalalar hamda startap ekotizimida sarmoyalarni jalb qilishning samarali mexanizmi to‘g‘risida taqdimot qilindi. Shu bilan birga Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi vakillari tomonidan venchur ekotizimining normativ-huquqiy bazasini takomillashtirishda Koreya tajribasini o‘rganish, O‘zbekistonda startap loyihalarni moliyalashtirishda Koreya venchur kapital fondlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda mahalliy mutaxassislarni venchur kapital bo‘yicha moliyaviy savodxonligini oshirish taklif etildi.

Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari Koreya tomoni bilan fikr va tajriba almashdilar hamda respublikamizda startaplarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, bunda samarali investitsion dastaklarni yaratish hamda uni huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida o‘z taklif va fikr-mulohazalarini bildirdilar.