TBC Bank Uzbekistan rahbariyati bilan “Biznes master-klassi” loyihasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2024-yil 24-may kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Biznes master-klass” loyihasi doirasida mehmon ma’ruzachi bilan navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda TBC Bank Uzbekistan Boshqaruvi Raisi Spartak Tetrashvili “Zamonaviy dunyoda raqamli bankning asosiy tamoyillari” mavzusidagi taqdimot bilan ishtirok etdi.
Uchrashuvda Spartak Tetrashvili raqamli bankingni rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribasi, raqamli banklarning afzalliklari va imkoniyatlari, shuningdek, O‘zbekiston bank sohasida zamonaviy IT texnologiyalardan foydalangan holda bank xizmatlarini kengaytirishning keyingi istiqbollari bilan o‘rtoqlashdi.
Shu bilan birga, mehmon ma’ruzachi raqamli bankingning an’anaviy banklar faoliyatidan farqli ravishda o‘ziga xos jihatlari haqida gapirib, ayniqsa, raqamli banklarning raqobatbardoshligini rivojlantirish va saqlab turish uchun raqamli bank mahsulotlari, raqamli kanallar va raqamli jarayonlarning ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi.
Tadbirda Spartak Tetrashvili, ishtirokchilarni O‘zbekistonda 2020-yildan o‘z faoliyatini boshlagan, innovatsion fintech platformasidan foydalangan holda mobil ilova orqali chakana bank yechimlarini jadal rivojlantirayotgan TBC Bank Uzbekistan faoliyati bilan tanishtirdi.
Shu bilan birga, mehmon ma’ruzachi TBC Bank Uzbekistanning korporativ madaniyati bank-moliya sohasida ulkan loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Tadbirning yakuniy qismida ishtirokchilar mehmon ma’ruzachiga raqamli banking sohasi va TBC Bank Uzbekistan faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar, shuningdek, respublikada raqamli bankingni rivojlantirishning keyingi istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar.