• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotdagi innovatsion o‘zgarishlar omili

2024-yil 10-oktabr kuni Toshkent davlat agrar universitetida mazkur oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari, olimlari va talabalari uchun seminar-trening o‘tkazildi.

Tadbirda Toshkent viloyati Yoshlar texnoparki vakillari, Toshkent viloyati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hududiy boshqarmasi Innovatsion rivojlanish bo‘limi boshlig‘i hamda Oliy biznes maktabi vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Toshkent davlat agrar universiteti birinchi prorektori S.Islomov kirish so‘zi bilan ochib, respublikada innovatsion g‘oyalar va startap loyihalarni amalga oshirishda yoshlar va talabalarni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Tadbirda universitetda agrotexnologiyalar sohasida startap loyihalarni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, universitetning Italiya, Yaponiya va Xitoy kabi ilg‘or davlatlar tajribasi asosida innovatsion ishlanmalar va biznes loyihalarni yaratishga yo‘naltirilgan kadrlar tayyorlash borasidagi tashabbuslari haqida qayd etib o‘tdi.

Oliy biznes maktabi vakili G‘.Usmonov “Innovatsion iqtisodiyotda startaplarning o‘rni va ahamiyati” mavzusida taqdimot qildi va ishtirokchilarni dunyoda innovatsion o‘zgarishlar rivojlanishining global tendensiyalari, raqobatbardosh milliy iqtisodiyotni yaratish uchun innovatsiyalar va startaplarning ahamiyati bilan tanishtirdi. Shuningdek, u agrosanoat sohasidagi mavjud innovatsion texnologiyalar, tendensiyalar va muammolarni yoritdi.

Bundan tashqari, G‘.Usmonov qishloq xo‘jaligi sohasida ilg‘or startap loyihalarni shakllantirish va amalga oshirishda oliy ta’lim muassasalarining ahamiyatini ta’kidladi. U “spin-off,” “spin-out” va “spin-in” kabi universitet startaplarining ahamiyatini tushuntirdi.

Tadbir yakunida professor-o‘qituvchilar va talabalar startap loyihalarini yaratish va boshlang‘ich bosqichda loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish bo‘yicha ekspertlar bilan muhokamada ishtirok etdilar hamda innovatsion sohada hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdilar.

Mutaxassislar bilan hamkorlikning bunday shakli talabalarning agrar sohada startap harakati yo‘nalishini o‘zlashtirish bo‘yicha amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirishda muhim qadam bo‘ldi, bu esa qishloq xo‘jaligining barqaror kelajagi uchun yangi g‘oyalar va texnologiyalarni rivojlantirishga yordam beradi.