• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Gruziya biznes delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2023-yil 7-dekabr kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Gruziya biznes delegatsiya vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligini (USAID) Gruziyadagi vakolatxonasining Biznes dasturlar bo‘yicha rahbari Rati Andjaparidze, “Gruziya Banki” AJ Xizmatlar departamenti bosh menejeri Olga Nakashidze, Gruziyaning boshqaruv, loyiha, moliya konsaltingi, axborot texnologiyalari, innovatsion biznes xizmatlar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi 10 ta kompaniya vakillari, O‘zbekiston tomonidan Oliy maktabining professor-o‘qituvchilari, tegishli bo‘lim boshliqlari hamda mahalliy tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirok etdilar.

Tadbir davomida Gruziya biznes delegatsiyasiga Oliy maktabning MBA dasturlari, magistrlarni tayyorlash bo‘yicha ta’lim yo‘nalishlari va innovatsion tadbirkorlik, startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash hamda yashil iqtisodiyotni barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida taqdimot o‘tkazildi.

Uchrashuvda Gruziya biznes delegatsiyasi va O‘zbekiston kompaniyalari tomonidan biznes xizmatlar sohasidagi hamkorlik takliflari yuzasidan qisqacha tanishtiruv bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, Oliy maktab bilan Gruziya kompaniyalari o‘rtasida biznes ta’lim, yashil texnologiyalar, innovatsion tadbirkorlik hamda startap tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash borasida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha aniq takliflar ko‘rib chiqildi.

Bunda Gruziya biznes delegatsiyasi bir qator yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlik qilishga tayyorliklari bo‘yicha takliflar bildirdilar:

-Oliy maktab tinglovchilari uchun Gruziyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlarini mehmon ma’ruzachi sifatida biznesning dolzarb masalalari bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazish;

-Oliy maktabda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish, yashil texnologiyalarni joriy etishga oid bilimlar bilan Gruziya tajribasini o‘rtoqlashish bo‘yicha birgalikda mahorat darslari, tadbirlar va konferensiyalar tashkil etish;

-Oliy maktabda loyiha va korporativ boshqaruv kurslari bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni Gruziya tajribasi asosida yanada takomillashtirish;

-Gruziya yetakchi kompaniyalari bilan birgalikda O‘zbekistonda startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha tadbirlar va o‘quv dasturlarini ishlab chiqish;

-O‘zbekistondagi startap loyihalarini Gruziya va boshqa xorijiy davlatlarda keng tanitish, istiqbolli loyihalar uchun gruzin investorlarni jalb qilish taklif etildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston va Gruziya ishbilarmon doira vakillari o‘rtasida “B2B” formatida muzokaralar o‘tkazilib, tomonlar uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlarda hamkorlik qilish masalalari belgilab olindi.