Yangiliklar

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tijorat nizolarini hal qilishning muqobil usullarini qo‘llash bo‘yicha amaliy seminar o‘tkazmoqda  

 2024-yil 12-noyabr kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda xususiy biznes, xo‘jalik birlashmalari va davlat organlari vakillari, tadbirkorlik subyektlari uchun tijorat nizolarini muqobil hal etish masalalari bo‘yicha ikki kunlik amaliy seminar o‘tkazilmoqda.

Mazkur seminarda Italiya, Germaniya, Polshadan yetakchi xorijiy mutaxassislar, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi arbitraj va hakamlik institutlari vakili bo‘lgan nizolarni muqobil hal qilish sohasidagi mahalliy mutaxassislar ma’ruza qildilar.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va biznes yuritishning yaxshilanishi sharoitida tadbirkorlik subyektlarining biznes faoliyatida yuzaga keladigan nizolarni hal qilishning muqobil vositalarini qo‘llashning samarali tizimini rivojlantirish muhim masalalardan biri hisoblanadi.

Nizolarni hal qilishning muqobil vositalarini takomillashtirishda tijorat nizolarini arbitraj institutidan foydalanish asosida hal qilish muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu biznes hamjamiyatida ishbilarmonlik madaniyati darajasini oshiradi va turli tijorat masalalari va nizolarni hal qilishda hamkorlar o‘rtasida ishonchni yaratadi. Bugungi kunda nizolarni muqobil hal qilishning ushbu turi xususiy-huquqiy tusdagi masalalarni hal qilishning eng samarali vositalaridan biri hisoblanadi.

Tadbirkorlik sohasi kengayishi bilan nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro miqyosda ham biznes subyektlarining ishbilarmonlik aloqalari kengayib bormoqda. Tadbirkorlar biznes faoliyatini yuritish jarayonida yuzaga keladigan tijorat nizolari va qarama-qarshiliklarni tez va mustaqil hal qilishdan manfaatdor.

Seminarning birinchi kunida ishtirokchilar xalqaro arbitraj amaliyoti asosida tomonlar o‘rtasida arbitraj shartnomasi to‘g‘risidagi qoidalarni qo‘llash shartlari, nizolarni arbitraj asosida hal qilishning o‘ziga xos xususiyatlari, tuziladigan shartnomalarga arbitraj muhokamasi to‘g‘risidagi qoidalarni kiritishning muhim shartlarini ko‘rib chiqdilar.

Bundan tashqari, seminarda ishtirokchilar xalqaro tajribadan kelib chiqib, tomonlar o‘rtasidagi investitsiya bitimlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni ko‘rib chiqish yo‘llarini, zamonaviy biznes yondashuvlarni qo‘llash asosida tijorat nizolarida ziddiyatlarni ko‘rib chiqishga tayyorgarlik ko‘rish yo‘llarini muhokama qildilar, shuningdek, tomonlar o‘rtasidagi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal qilish uchun investitsiya shartnomalariga kiritish uchun zarur bo‘lgan asosiy shartlar va qoidalarni o‘rgandilar.

Seminar davomida ishtirokchilar, shuningdek, O‘zbekistonda tijorat nizolarini hal qilishning milliy xususiyatlari, arbitraj va tijorat nizolarini hakamlik tartibida ko‘rish sohasidagi amaldagi qonunchilik, shuningdek, hakamlik sudlarida qarama-qarshiliklar va tijorat nizolarini ko‘rib chiqish shartlarini ko‘rib chiqdilar. Seminar o‘z ishini davom ettirmoqda.