Yangiliklar

Innovatsion sohalar O‘zbekiston va Koreya ishbilarmon doiralari hamkorligi diqqat-e’tiborida

O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi innovatsion hamkorlik doirasida 2024-yil 31-oktyabr kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida innovatsion sohaga tegishli Koreya ishbilarmon doiralari vakillari bilan biznes muloqot tashkil etildi.

Koreya biznes delegatsiyasi zamonaviy tibbiyot va tashxis uskunalari, arxitektura va yoritish tizimlari, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sanoat uchun aqlli plenkalar, robototexnika va 3D dizayn hamda kosmetika sanoati vakillarini o‘z ichiga oldi.

Tadbir boshlanishida Koreya biznes delegatsiyasi Oliy maktabning Biznes inkubator va startap loyihalar bilan ishlash markazi xodimlari bilan O‘zbekistonda biznes uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o‘z korxonasini tashkil etish borasidagi imkoniyatlar bilan tanishdilar. Uchrashuvda respublikamiz iqtisodiyotda amalga oshirilayotgan islohotlar, turli tarmoqlarni rivojlantirishdagi o‘rta va uzoq muddatli ustuvor vazifalar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Uchrashuvdan so‘ng tadbirning rasmiy qismi respublikamiz vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, tadbirkorlik subyektlari vakillari ishtirokida davom ettirilib, unda Koreya kompaniyalari tomonidan respublikamiz ishbilarmonlari bilan hamkorlikda amalga oshirish taklif etilayotgan innovatsion loyihalar, shuningdek, tovarlar va xizmatlar to‘g‘risida qisqacha taqdimotlar o‘tkazildi.

Shundan keyin tadbir nihoyasida tomonlar o‘rtasida B2B formatidagi biznes uchrashuvlar tashkil etilib, koreys va o‘zbek ishbilarmonlari o‘rtasida respublikamizda innovatsion tovarlar ishlab chiqarish va zamonaviy xizmatlarni ko‘rsatishga qaratilgan biznes hamkorlikning aniq yo‘nalishlari bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.