• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi xodimasi “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida bo‘lib o‘tgan “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishonini topshirish marosimida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi xodimasi ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Tadbirda Oliy Majlis Senatining xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi Malika Kadirxanova hamda Oila va Xotin - qizlar davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mukarram Nurmatovalar ishtirok etishdi.

Jamiyat hayotida faollik va tashabbuskorlik ko‘rsatgan, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan, shuningdek, farzandlarimizni ona Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda munosib hissa qo‘shib kelayotgan xotin-qizlarga “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Ular qatorida uzoq yillardan beri samarali xizmat qilib kelayotgan Biznes va tadbirkorlik oliy maktabining matonatli va mehnatsevar xodimasi, iqtisod fanlari doktori, professor – Dilfuza Rasulova ham bor.

Professor Dilfuza Rasulova, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi magistratura tinglovchilariga sifatli bilim berish bilan birga ularning ma’naviy darajasini ko’tarishga o’zining katta hissasini qo’shmoqda.

Ta’kidlash joizki, taqdirlanganlar barcha jabhalarda faol, fidoyi va e’tirof nomiga munosib mo‘tabar ayollardir.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni bilan 2018-yilda ta’sis etilgan “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni mukofoti jamiyat va davlat hayotida faollik hamda tashabbuskorlik ko‘rsatgan, o‘zining samarali mehnati bilan oilalarning farovonligi va mustahkamlanishiga, onalik hamda bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan, shuningdek, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik hamda istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda ma’naviy-axloqiy muhitni sog‘lomlashtirish, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlarga beriladi.

Jami 305 nafar xotin qizlar mazkur mukofotga munosib deb topildi.