Yangiliklar

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida tijorat nizolarini hal qilishning muqobil usullarini qo‘llash bo‘yicha ikki kunlik amaliy seminar yakunlandi

2024-yil 13-noyabr kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida xususiy biznes, xo‘jalik birlashmalari va davlat organlari vakillari uchun tijorat nizolarida nizolarni muqobil hal qilishni qo‘llash bo‘yicha amaliy seminar yakunlandi.

Mazkur seminar Oliy maktab tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda Italiya, Germaniya, Polshadan arbitraj va mediatsiya sohasining yetakchi ekspertlari, shuningdek, tijorat nizolarini arbitraj va mediatsiya asosida ko‘rib chiqishda katta tajribaga ega bo‘lgan mahalliy mutaxassislarni taklif etgan holda tashkil etildi.

Seminarning ikkinchi kunida ekspertlar tomonidan tijorat mediatsiyasini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari va afzalliklarini tushuntirish, nizolarni onlayn hal qilish, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari uchun mediatsiyani samarali o‘tkazish usullari va yondashuvlarini amalda qo‘llash masalalariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

Shu bilan birga, ekspertlar seminar ishtirokchilari tomonidan amaliy ishda mediatsiya usullarini yaxshiroq tushunish va ulardan foydalanish uchun mediatsiya mexanizmini qo‘llash asosida tijorat nizolarini ko‘rib chiqishning aniq misollari bilan o‘rtoqlashdilar.