• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Ochiq eshiklar” kuni

Joriy yilning 14-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Ochiq eshiklar” kuni bo‘lib o‘tdi, unda hozirgi kunda barcha soha mutaxassislari tomonidan qiziq bo‘lgan “Jozibali rezyume tayyorlash” va “Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tish” mavzulariga bag‘ishlangan seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Ushbu seminarda Biznesni boshqarish (MBA) kafedrasi professori, iqtisod fanlari doktori Dilfuza Rasulova hamda "Smart Staff Solutions" MCHJ asoschisi, xodimlarni boshqarish bo‘yicha 16 yildan ortiq tajribaga ega Nigina Yuldasheva tomonidan taqdimot qilindi. Taqdimotda, asosan, jamiyat hayotida ish qidirishda yuzaga kelayotgan muammo va qiyinchiliklar muhokama qilindi, Suhbat davomida tinglovchilarga to‘g‘ri ko‘rsatmalar hamda foydali maslahatlar berildi.

Seminarning asosiy maqsadi, turli sohalardagi mutaxassislar o‘zlari istagan ish joyida o‘z bilim va ko‘nikmalarini ravon ifoda eta olishi va suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tishga ko‘maklashishdir. Ishga joylashish uchun kerak bo‘ladigan rezyumeni to‘g‘ri va ishonchli to‘ldirish hamda ishga kirish jarayonida uchrayotgan qiyinchiliklarini bartaraf etib ularga xalqaro standartlar asosida rezyume to‘ldirishga yordam berish uchun muhim ko‘nikmalarni o‘rgatish deb belgilandi.

Ma’lumot uchun: Rezyume Yevropa va Amerika kadrlar boshqaruvi amaliyotidan kirib kelgan hujjatdir. Ishga joylashishda rezyume taqdim etish biznes etiketining zamonaviy qoidalarining elementlaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, rezyume mehnat bozorida o‘z-o‘zini reklama qilishning eng samarali vositasi.

Shu bilan bir qatorda rezyume yozishning asosiy qoidalari ya’ni qanday qilib jozibali rezyume yozish mumkin, rezyume o‘zi nima va nima uchun kerak, rezyumening asosiy mazmuni qanaqa va qanday uslubda bo‘lishi kerak degan savollarga javob berib o‘tildi.

Unutmang: Yaxshi rezyume – ish qidirishning eng samarali vositalaridan biri, o‘zingizning bayoningiz orqali siz haqingizdagi tasavvurni shakllantiradi. Siz taqdim etadigan rezyumening asosiy maqsadi – suhbatga taklif olishga erishishdir.

Suhbat jarayonida potentsial ish beruvchi bilan qanday muloqot qurish, o‘zini qanday tutish, suhbatga tayyorgarlik, suhbat jarayoniga hujjatlarni tayyorlash kabi masalasi bo‘yicha ham tavsiyalar berildi va ishtirokchilar kerakli ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.

Seminar davomida HR mutaxassisi Nigina Yuldasheva nutq so‘zlab, unda kadrlar taʼminotiga potensial xodimlarni intervyu, ilovalar, tarmoqlar orqali ishga tanlash va yollash hamda o‘rgatish va rivojlantirish, shuningdek, malakali xodimlarni uzluksiz rivojlantirish jarayonidan misollar keltirdi.

Seminar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va seminar yakunida ular o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob olishdi.