• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Yamagata universitetining innovatsion tadbirkorlik bo‘yicha faoliyati o‘rganildi

2023-yil 20-dekabr kuni O‘zbekiston delegatsiyaning Yaponiyaga tashrifi doirasida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirlorlik oliy maktabi mas’ul xodimlari tomonidan Yamagata universitetining, Tadbirkorlikka o‘qitish va tadqiqot markazining innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirish va tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan tashabbuskor startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyati o‘rganildi.

Markazning asosiy faoliyati tadbirkorlik yo‘nalishi bo‘yicha ta’lim berish, Yaponiyada innovatsion tadbirkorlikni rivojlanishiga ko‘maklashish, startap g‘oyalarini biznesga yo‘naltirishga qaratilgan.

Shuningdek, ushbu markaz ilm fan va biznes o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida yangi tashkil etilgan, tadbirkorlik faoliyatini endigina boshlayotgan va ushbu yo‘nalishda muammolarga duch kelgan tadbirkorlarga biznesni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha amaliy maslahatlar berib ko‘maklashadi.

Shu bilan birga tashrif jarayonida yuqori darajadagi texnologiyalar ishlab chiqarish bo‘yicha izlanish olib borish va uni sanoat tarmoqlariga tatbiq etishga qaratilgan hamda Organik elektronika innovatsion markazi faoliyati (INOEL) ham o‘rganildi.

Ushbu markaz organik elektronika bo‘yicha innovatsion loyihalar ustida tadqiqot olib borishda yetakchi hisoblanadi. Bugungi kunga kelib, Organik elektronika markazi tomonidan yuqori qiymatga ega, chop etiladigan diodlar, organik o‘tkazgichlar (tranzistorlar), organik quyosh panellar, inson salomatligini tahlil qiluvchi plyonkali lentalar hamda quvvatlovchi innovatsion batareyalar kabi innovatsion ishlanmalar amaliyotda qo‘llanilmoqda va ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

Ma’lumot uchun: Organik elektronika sxemalar va boshqa elektron qurilmalarni ishlab chiqarish uchun organik materiallardan foydalanadi. Ushbu  innovatsiya noorganik materiallardan yengilligi, samaradorligi va qulayligi bilan ajralib turadi.

Tashrif davomida Yamagata universiteti professorlari tomonidan tashkil etilgan, yuqori qiymatga ega bo‘lgan mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Vegea” kompaniyasi to‘g‘risida ham taqdimot o‘tkazildi. Ushbu korxona qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan bo‘lib, yuqori qiymatli oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaradi. Korxona bugungi kunda dolzarb bo‘lgan meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash natijasida, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yo‘qotilishini kamaytirmoqda.