• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Vengriya va Germaniya oliy ta’lim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazildi

2023-yil 19-oktabr kuni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida Vengriyaning “Startup Campus” markazi direktori Zoltan Gala, Germaniyaning Myunxen texnika universiteti Biznesni rivojlantirish rahbari Yana Legtenborg va Vengriyaning Mishkols universiteti Innovatsion menejment bo‘limi boshlig‘i Ishtvan Zolt bilan uchrashuv o‘tkazildi.

Muloqotda tomonlar o‘rtasida oliy ta’lim, innovatsion tadbirkorlik, yashil iqtisodiyotga qaratilgan ilg‘or texnologiyalar, startap loyihalarni rivojlantirish borasida o‘zaro hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.

Jumladan, “Startup Campus” markazi tomonidan O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasida innovatsion hamkorlik bo‘yicha universitet va korporatsiyalar uchun startap akselerator o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilganligi, unda dastlabki startap tashabbuskorlari loyihalarini qo‘llab-quvvatlash ishlari olib borilayotganligi hamda bu borada ushbu loyiha O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotganligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Uchrashuvda Myunxen texnika universiteti tomonidan respublikamizdagi oliy ta’lim muassasasi bilan hamkorlikda oliy ta’lim sohasini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilarning ta’lim sohasidagi bilim va malakalarini oshirish hamda O‘zbekistonning ta’lim muassasalari uchun xalqaro hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashayotganligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga Vengriyaning Mishkols universiteti tomonidan oliy ta’limning texnika yo‘nalishlarida (metallurgiya, irrigatsiya, qishloq xo‘jaligi va robototexnika) ilmiy ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash va bu borada sanoat sohalari bilan kooperatsiya aloqalarini o‘rnatgan holda innovatsion ishlanmalarni yetkazib berish ishlari olib borilayotganligi ma’lum qilindi.

Muloqot davomida Oliy maktab faoliyati, uning asosiy yo‘nalishlari hamda innovatsion iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash borasida yashil iqtisodiyotni barpo etish, startap ekotizimini rivojlantirish, innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Uchrashuv yakunida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan Vengriya, Germaniya oliy ta’lim muassasalari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, bunda respublikamizda yashil iqtisodiyot, startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda innovatsion tadbirkorlik sohalarida manfaatli loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalarida birgalikda hamkorlik qilishga kelishib olindi.