• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

“O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes hamda mikromoliyalashtirish” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati

Joriy yilning 6-iyul kuni Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligida “O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes hamda mikromoliyalashtirish” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur davra suhbati 2 ta qism va interaktiv muloqot shaklida o‘tkazildi.

Davra suhbatida Singapur hamkorlik tashkiloti bosh direktori janob Kong Vay Mung, Yaponiyaning kichik va o‘rta korxonalar va hududiy innovatsiyalar tashkiloti vitse-prezidenti janob Tomoxiro Kaneko, Turkiyaning kichik va o‘rta korxonalar tashkiloti rahbarining o‘rinbosari janob Fatix Gokyurt, Rossiyaning kichik va o‘rta tadbirkorlikni rivojlantirish federal korporatsiyasining bosh direktori janob Aleksandr Isayevich, Turkiyaning sobiq moliya vaziri janob Lutfi Elvan, Gruziyaning “TBC-Bank” boshqaruv kengashi raisi janob Nikoloz Kurdiani janoblari hamda Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki kabi xalqaro moliya institutlaridan yetakchi ekspertlari qatnashdilar.

Shuningdek, davra suhbatida xalqaro moliya institutlarining respublikamizdagi vakolatxonalari rahbarlari, ekspertlari, konsultantlari hamda mahalliy tadbirkorlar ishtirok etishdi.

Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi hamda shu kabi boshqa nufuzli xalqaro moliya institutlari va hukumat tashkilotlari hamda mahalliy ekspertlar, tadbirkorlarning fikr va mulohazalari eshitildi, ularning tavsiyalari va ilg‘or tajribalarini inobatga olgan holda respublikamizda kichik va o‘rta biznes hamda mikromoliyalashtirishni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik yo‘nalishlari belgilandi.

Bunda, kichik va o‘rta biznesning raqobatbardoshligini oshirish, xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, innovatsiyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa yoshlar va xotin-qizlarni, raqamli hamda innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga e’tibor qaratish kabi masalalar muhokama etildi.

Shu bilan birga mikromoliyalash sohasini yanada rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes subyektlarining moliyalashtirish imkoniyatlarini yaxshilash, moliyaviy inklyuzivlikni ta’minlashda mikromoliya institutlarining rolini oshirish kabi mavzularda fikr-mulohazalar almashildi.

Davra suhbati natijasida O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni 2030-yilgacha rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, shuningdek mikromoliyalashni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikda loyihalarni (dasturlarni) amalga oshirish yo‘nalishlarida yanada hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi.