• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun va Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan ochiq eshiklar kuni bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida 8-dekabr - O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni hamda 9-dekabr - Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuniga bag‘ishlangan “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri o‘tkazildi.

Mazkur tadbirni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktorining birinchi o‘rinbosari Shaxrux Sharaxmetov tabrik so‘zi bilan ochib berdi, mehmon sifatida taklif etilgan, San’atkor, ijodkor va ijrochilarning mualliflik huquqlarini himoya qilish palatasi raisi, yuridik fanlari doktori, professor - Boboqul Toshev hamda Toshkent davlat yuridik universitetining davlat va huquq nazariyasi professori, yuridik fanlar doktori - Firyuza Muxitdinovalar o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Konstitutsiya — bu davlatning bosh qomusidir. U mamlakat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha qonunlarning asosi hisoblanadi. Barchamizga maʼlumki, 2023-yil 30-aprel kuni boʻlib oʻtgan umumxalq referendumida fuqarolarimiz oʻzining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilishdi.

“O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 31 yilligi” mavzusidagi ma’ruzada Konstitutsiya, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yorqin ifodasi sifatida demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini yaratishda, aholining erkin va obod turmushini ta’minlash, mamlakatning xalqaro hamjamiyatdagi obro‘-e’tiborini oshirish hamda barcha sohalarda islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilayotganligi ta’kidlab o‘tildi.

“9-dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni” munosabati bilan “Korrupsiyaga qarshi kurashish - barchamizning burchimiz!” mavzusidagi ma’ruzada, dunyoning rivojlanishi hamda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashda birlashish zarur ekanligi e’tirof etildi.

Shuningdek, tadbir doirasida so‘nggi yillarda sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsion xatarlarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilayotgan islohotlar to‘g‘risida so‘z yuritildi, xususan, korrupsiya – bu har bir jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishini izdan chiqaruvchi eng xavfli jinoyat ekanligi ta’kidlandi.

Tadbir yakunida Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasida belgilangan konstitutsiyaviy normalarning ijrosini soʻzsiz taʼminlash barcha sohalarda “inson qadri”ning tom maʼnoda yuksalishiga, davlat va jamiyat hayotini “inson – jamiyat – davlat” degan tizimga asoslangan yangi va zamonaviy tarzda boshqarish haqida nutq so‘zlandi.

Shuningdek, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlar doirasida barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish muhitini shakllantirish toʻgʻrisida soʻz yuritildi.