• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Milliy iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellektni joriy etish masalalari: mavjud muammolar va ularni yechimlari

Bugungi kunda shiddat bilan rivojlanib borayotgan sun’iy intellekt texnologiyalari butun dunyo iqtisodiyoti va jamiyatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Sun’iy intellekning iqtisodiyot tarmoqlariga keng tatbiq etilishi sezilarli ta’sirga ega bo‘lib, ko‘plab sohalarni tubdan o‘zgartirish imkonini beradi.

So‘ngi yillarda sun’iy intellekt mavzusi strategik ahamiyatga ega bo‘lib, uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda va yangi yo‘nalishlarini ochishda muhim rol o‘ynamoqda. Stenford Universiteti olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlariga ko‘ra, global sun’iy intellekt bozori 2022-yilda 136.5 mlrd. AQSH dollarga baholangan, sun’iy intellektga global xususiy investitsiyalar esa 91.9 mlrd. AQSH dollarni tashkil etgan. 

Xalqaro moliya tashkilotlarining hisob-kitoblariga ko‘ra sun’iy intellektning iqtisodiy o‘sishga ta’siri ijobiy baholangan. Bunda sun’iy intellekt orqali mehnat unumdorligini yiliga 1,5% tezlashtirishi hamda oxirgi o‘n yillik davrda global YAIMni 7% oshirishi mumkinligi o‘rganilgan.

Sun’iy intellekt salohiyatidan unumli va oqilona foydalanish orqali biznes amaliyotlarini yanada yengillashtirish, mehnat unumdorligini oshirish, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash va innovatsion mahsulotlar (xizmatlar) yaratish imkoniyatlarini oshiradi. 

 O‘z o‘rnida zamonaviy texnologiyalarni keng ko‘lamda qo‘llash milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.

Joriy yilning 30-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “Milliy iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellektni joriy etish masalalari: mavjud muammolar va ularni yechimlari” mavzusida amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur Konferensiya ochiq muloqot tarzida tashkil etilib, respublikamiz iqtisodiyotini rivojlantirishda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida barcha manfaatdor tomonlar – davlat organlari, ilmiy doiralar va ishbilarmon doiralarning sa’y-harakatlarini birlashtirishga qaratildi.

Konferensiyada vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari, yirik sanoat korxonalari, tijorat banklari, sug‘urta kompaniyalari, ilmiy institutlar, tadqiqotchilar hamda kichik biznes vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekistonda sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyotning turli tarmoqlariga joriy etish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 17-fevraldagi “Sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish uchun shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan mamlakatda ushbu texnologiyalarni rivojlantirish va joriy etishning asosiy huquqiy asoslari yaratildi va yo‘nalishlari belgilab berilgan. 

Bugungi kunda sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotning turli sohalarida keng qo‘llanilmoqda. Xususan, tog‘-kon sanoatida foydali qazilmalar konlarini qidirish va aniqlashda, qishloq xo‘jaligida masofadan zondlash orqali tuproq va ekinlar holatini tahlil etish shuningdek, bank sohasida operativ faoliyatni takomillashtirish va kredit risklarini baholashda tobora ko‘proq qo‘llanilmoqda.

Anjumanda sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirish masalalari, ushbu texnologiyani iqtisodiyot tarmoqlarida qoʻllashning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama qilindi hamda korxonalar ish samaradorligini yaxshilashga qaratilgan aniq loyihalar muhokama qilindi.

Tematik sessiyalarda qishloq xo‘jaligi, tog‘-kon sanoati, tibbiyot va boshqa sohalarda sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatlari va istiqbollari, shu bilan birga bank-moliya sektorida sun’iy intellektni joriy etish orqali to‘lov jarayonlarini amalga oshirishdan tortib kredit xatarlarini tahlil qilishgacha hamda mijozlarga xizmat ko‘rsatish, operatsion boshqaruvni avtomatlashtirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. 

Konferensiya yakunlari boʻyicha ishtirokchilar sunʼiy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, turli sohalarda ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, respublika iqtisodiyotining turli tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish bo‘yicha muloqotni davom ettirish zarurati qayd etildi.