• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Oliy maktabning 20 yilligi keng nishonlandi

2021 yil 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabida (keyingi o‘rinlarda – Oliy maktab), Oliy biznes maktabi tashkil topganining 20 yilligi munosabati bilan, karantin qoidalarini inobatga olgan holda, tantanali madaniy–ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zining deyarli 20 yillik faoliyati davomida Oliy maktab turli sohalari uchun yetuk mutaxassis kadrlar tayyorlovchi ziyo maskani, nufuzli ta’lim muassasasi darajasigacha bo‘lgan sharafli yo‘lni bosib o‘tdi. Bugungi kunda Oliy maktab nafaqat mamlakatda, balki mintaqada o‘z nomiga ega oliygoh xisoblanadi. 

Marosimida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligidan mehmonlar, Oliy maktab rahbariyati, turli yillarda o‘qib ketgan bitiruvchilar, professor-o‘qituvchilari va hodimlari, OAV vakillari ishtirok etdilar.

Nufuzli tadbirni, Oliy maktab direktori - I. O‘. Umrzaqov kirish so‘zi bilan ochib berib, tadbirga yig‘ilgan aziz mehmonlarni, Oliy maktab tashkil topganining 20 yilligi munosabati bilan tabriklab, yangilanayotgan O‘zbekistonning yanada rivojlanishiga xissa qo‘shishlarida barchalariga ukan zafarlar tiladi.

Shundan so‘ng, ushbu dargohda turli yillarda tamomlab ketgan tinglovichlar so‘zga taklif qilinib, ular o‘z xayotiy yo‘llarida, ta’lim dargoxida olgan bilim va ko‘nikmalarini qo‘llaganlari, ish faoliyatlarida foydalanishlari xaqida so‘zlab berishdi.

Oliy biznes maktabi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001 yil 18 may 222-son qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasi qoshida tashkil etilgan.

Oliy biznes maktabi tinglovchilar safiga ishlab chiqarish uyushmalari, konsernlar, korporatsiyalar, kompaniyalar, xolding kompaniyalari va boshqa xo‘jalik birlashmalari, yirik sanoat korxonalarida rahbarlik boshqaruv lavozimlariga tayinlash uchun zaxiradagi istiqbolli mutaxassislardan tanlov asosida olinib, “Biznesni boshqarish” (MBA) bo‘yicha magistrlar tayyorlash vazifasi qo‘yilgan edi. Bu vazifa o‘ylaymizki yillar davomida muvaffaqiyatli bajarilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015 yil 30 sentabrdagi 2414-son Qaroriga muvofiq Oliy biznes maktabi Korporativ boshqaruv ilmiy-ta’lim markaziga aylantirildi. Markazda “Biznesni boshqarish” mutaxasisligini tayyorlash vazifasi bilan birga “Boshqaruv rahbarlari uchun korporativ boshqaruv” dasturi bo‘yicha ham boshqaruv kadrlarini tayyorlash va malakasini oshirish vazifasi yuklatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 maydagi PQ 3720-sonli Qaroriga asosan mavjud bo‘lgan ta’lim dasturlar qatoriga “Loyiha boshqaruvi” bo‘yicha ham magistratura dasturi asosida boshqaruv kadrlarini tayyorlashni boshladi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2020 yil 26 martdagi PF-5975-son Farmoni va PQ-4653-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 30 iyuldagi “ Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi samarali faoliyatini ta’minlashga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi” 460-son qarorlari bilan Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi deb qayta tashkil qilindi va qo‘shimcha vazifalar belgilandi.  

20 yil davomida “Biznesni boshqarish (Master of Business Administration)” mutaxasisiligi bo‘yicha 1101 “Loyiha boshqaruvi (Project management)” bo‘yicha 163 magistr (jami 1264) darajasiga ega boshqaruv kadrlari tayyorlandi. Bundan tashqari mamlakatimiz miqyosida boshqaruv kadrlaridan jami 8833 raxbar va mutaxassislar 30 dan ortiq qisqa muddatli o‘quv kurslarida o‘z malakasini oshirdilar.

Shuningdek Germaniyaning Yevropa menejment va texnolgiyalar maktabida “Korporativ boshqaruvning zamonaviy mexanizmlari” bo‘yicha 671 va Italiyaning Milan politexnika instituti Oliy maktabida Loyiha boshqaruvi bo‘yicha 60 dan ziyod rahbar xodimlar va mutaxassislar o‘z malakasini oshirdilar. Ushbu dasturlarning asosiy maqsadi keskin raqobat muhitida erkin faoliyat yurita oladigan, belgilangan vazifalarni samarali bajarish va amalga oshirishga qodir yuqori malakali boshqaruv kadrlarini tayyorlashdan iborat hisoblanadi.

O‘tgan yillar davomida Oliy maktabini bitirganlardan O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari, vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, tijorat banklari boshqaruv raislari, viloyatlar xokimlarining o‘rinbosarlari va boshqa turli tarmoqlarda rahbarlik lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatib kelishmoqda. Bu esa Oliy maktabning kadrlar tayyorlashdagi mashaqqatli mehnatlarining natijasida sifatida qarash mumkin.

Ayni vaqtda Oliy maktabning asosiy maqsad va vazifalari biznes va tadbirkorlik, korporativ va loyiha boshqaruvi, menejment sohasida boshqaruv kadrlari va mutaxassislarni tayyorlash tizimini xalqaro standartlarga muvofiq tubdan takomillashtirish va ularning professional saviyasini oshirish, shuningdek, biznes va tadbirkorlik faoliyatini boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etishni ilmiy-metodik qo‘llab-quvvatlash, nafaqat respublikada, balki halqaro miqyosda ham etakchi biznes maktabiga aylanish.

Hozirgi kunda Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Xitoy, Malayziya, Rossiya Belorusiya yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan turli yo‘nalishlarda hamkorlik shartnomalari va memorandumlari imzolandi.

Oliy maktabda 08.00.16 -“Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya” ixtisosligi bo‘yicha doktoranturada falsafa fanlari doktori (PhD) va fan doktori (DSc) kabi ilmiy pedagog kadrlar tayyorlanmoqda. Ushbu ixtisoslik bilan birga  08.00.15 – “Tadbirkorlik va kichik biznes iqtisodiyoti” bo‘yicha Ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda va u respublikamizda raqamli iqtisodiyot sohasida ilmiy kadrlarni tayyorlashda muhim o‘rin tutadi. 

Shu bilan birgalikda bugungi kunda Oliy maktab oldida katta vazifalar, shuningdek korporativ va loyiha boshqaruvi, menejment, xususiylashtirish, sud boshqaruvchisi, davlat-xususiy sherikchilik, komplayens va audit hamda raqobatni rivojlantirish va monopoliyaga qarshi komplayens, kapital bozori uchun magistrlarni tayyorlash, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; oilaviy tadbirkorlik dasturlari orqali kredit olishni mo‘ljallagan aholi qatlamlariga qisqa muddatli o‘qitishlarni tashkil etish vazifalari qo‘yilgan. Ushbu vazifalarni bajarishda Oliymaktab professor-o‘qituvchilari va xodimlari sidqidildan mehnat qilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, o‘tgan davr mobaynida Oliy maktab yuksak salohiyatli ziyo maskani sifatida iqtisodiyotning turli sohalariga yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan, fanning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng tarmoqli fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlari olib borayotgan yetakchi o‘quv yurtlaridan biri sifatida mamlakatimiz ilm-fani, vatanimiz taraqqiyoti va istiqboliga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Oliy maktab tashkil etilganining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bayramona konsert dasturi bilan nihoyasiga yetdi.