• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

OLIY MAKTAB VAKILLARINING "O’ZAVTOSANOAT" AJ ISHLAB CHIQARISH OB'EKTLARIGA NAVBATDAGI TASHRIFI

Joriy yilning 29-30 mart sanalarida O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi (keyingi o’rinlarda – Oliy maktab) o’quv amaliyot darslari doirasida, magistratura tinglovchilarini avtomobilsozlik sanoati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida, "O'zavtosanoat" AJning Andijon viloyatida joylashgan ishlab chiqarish ob'ektlariga ikki kunlik ekskursiya tashkil qilindi.

Ekskursiyaning birinchi kunida tadbir ishtirokchilari “UzAuto Motors” AJ vakillari tomonidan iliq kutib olinib, to'g'ridan-to'g'ri Asaka shahrida joylashgan avtomobil zavodiga olib borildi.

U yerda ularni kompaniya bosh direktori Bo Inge Andersson kutib oldi va mehmonlarga o’zining 47 yillik rahbarlik mehnat faoliyati, kompaniyaning kelgusi strategiyasi va olib borilayotgan tub o’zgarishlar haqida so’zladi. O’z navbatida Oliy maktabning professor o’qituvchilari Dilmurod Suyunov va Shavkat Xusainovlar so’zga chiqib yuqori saviyada tashkil etilgan tadbir uchun minnatdorchilik bildirishdi.

So’ngra, mehmonlarga xavfsizlik bo'yicha instruktaj o’tilib, kompaniyaning sifat bo’yicha direktori Andrey Soldatov tomonidan avtomobillarni yig'ishning to’liq jarayonini ko'rsatish maqsadida presslash, yig'ish va payvandlash sexlariga ekskursiya uyushtirildi, shuningdek, 2022 yilning ikkinchi yarmidan sotuvga chiqishi rejalashtirilgan zamonaviy Chevrolet Tracker va Onix avtomobillarini yangi ishlab chiqarish liniyasini ko'rish imkoniga ham ega bo'ldilar.

“UzAuto Motors” zavodiga bo’lgan ekskursiya yakunida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

Tadbir ishtirokchilarining keying manzili "UzAuto Motors" AJ tarkibiga kiruvchi mamlakatimizning eng jozibali kurort zonalaridan biri bo'lgan Xonobodga yo’naltirilib, u yerda tadbir qatnashchilari uzoq yo’ldan so'ng vaqtlarini maroqli o'tkazdilar. Xonobod sanatoriyasi shaharning yuqori qismida joylashgan hamda bog'lar va chiroyli manzaralar bilan o'ralgan. Bu yerda fizioterapiya, dorivor vannalar, Sharko dushi, parafinoterapiya, fitoterapiya, maxsus ixtisoslashtirilgan tekshiruvlar, laboratoriya va JST tekshiruvi, sog’lomlashtiruvchi fitnes, sayr qilish imkoniyati, shuningdek suzish havzasi, qishki va yozgi sport maydonchalari kabi 27 xildagi sog'liqni saqlash muolajalari mavjud. 

Ekskursiyaning keyingi kuni avtomobil sanoatida mahalliylashtirish mavzusiga bag'ishlangan bo'lib, unda ishtirokchilar avtomobilni ichki bezatish qisimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "Uz Dong Yang" va "Uz Tong Hong" qo'shma korxonalariga tashrif buyurishdi.

Fursatdan foydalanib, Oliy maktab nomidan "O'zavtosanoat" AJ, "UzAuto Motors" AJ va "Uzautocomponents" MCHJ rahbariyatiga samimiy qabul va yuqori saviyada tashkillashtirilgan ekskursiyalar uchun o’z minnatdorchiligimizni bildiramiz!