• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini ta’minlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi

Joriy yilning 24-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabridagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi PF-158-son Farmoni, shuningdek, PQ-300-son Qarorida belgilangan yo‘nalishlar, ular negizida ishlab chiqilgan maqsadlarning o‘z vaqtida, sifatli ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risidagi farmon yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ko‘lamini kengaytirish barobarida yangidan-yangi tashabbuslarga zamin yaratmoqda. 

Tadbirda Oliy maktab rahbariyati, professor-o‘qituvchilari, xodimlari va tinglovchilari ishtirok etdi. Tadbirni Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktorining o‘rinbosari Mirkomil Adilov ochib berdi va Oliy maktab jamoasi oldida turgan vazifalarga alohida to‘xtaldi.

Tadbir davomida “Biznesni boshqarish” (MBA) kafedrasi professori, i.f.d., Nizomiddin Haydarov va Dilmurod Suyunovlar tomonidan ma’ruza o‘tkazildi.

Farmonga ko‘ra, ushbu strategiyani quyidagi 5 ta ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish belgilangan:

1.     Har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish;

2.     Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash;

3.     Suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish;

4.     Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish;

5.     Mamlakatni xavfsiz va tinchliksevar davlatga aylantirish ishlarini davom ettirish.

Yig‘ilishda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash, xususan, aholi turmush farovonligini oshirish, jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, odil sudlovga erishish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, adolatli ijtimoiy himoya tizimini tashkil etishda muhim ahamiyatli dasturiy hujjat ekanligi qayd etildi.

Tadbir ma’ruzachilar va ishtirokchilar o‘rtasida qizg‘in munozara shaklida yakunlandi.