News

Elektron savdo platformasi hamda elektron savdo do‘koni bo‘yicha sovrinli viktorina tashkil etildi

Butun dunyo bo‘ylab raqamlashtirish jarayoni ketmoqda. Bu so‘z iqtisodiyotda ham o‘z aksini topgan. Ko‘plab sohalar zamonaviy raqamlashtirishga o‘tib bormoqda. Ba’zi sohalar raqamli tizimlarning kuchli ta’siriga uchrab bo‘lgan bo‘lsa, aksariyati bu yo‘lning ibtidosida turibdi. Mamlakatimizda raqamli iqtisodiyot rivoji esa so‘ngi vaqtlarda sezilarli darajada jadallashdi. Xususan, uning asosiy qismi hisoblangan elektron tijorat aktiv rivojlanib bormoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023-yil 24-martdagi PQ–101-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat daromadiga olingan mol-mulklarni soddalashtirilgan auksion tamoyillari asosida “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni orqali sotish tartibi to‘g‘risida”gi 2023-yil 4-oktabrdagi 526-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ, shuningdek, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi tomonidan keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Elektron tijorat xizmatlarining rivojlanishi mamlakatlar uchun katta imkoniyatlarni ochib beradi. Internet tobora rivojlanib borayotgan hozirgi zamonda elektron tijorat biznes egasi uchun ham, iste’molchi uchun ham qulay onlayn savdo maydonchasi hisoblanadi.

 “E-auksion” elektron savdo platformasi hamda “E-auksion shop” elektron savdo do‘koni to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda baholash maqsadida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hududiy filial xodimlari ishtirokida sovrinli viktorina tashkil etildi.

Mazkur viktorina Jamiyatning tegishli boshqarmalari tomonidan test savollari tuzib chiqilib sovrinli viktorina onlayn tarzda flexiquiz.com tizimi orqali 50 nafar Oliy maktab hududiy filial xodimlari uchun o‘tkazildi.

Quyidagi ishtirokchilarning natijasi eng yuqori deb topildi va esdalik sovg‘alari topshirildi:

1. Xasanova Dildora - Surxondaryo filial kotib-referenti;

2. Suyunov Baxtiyor - Samarqand filial bosh mutaxassisi;

3. Usmonov Aziz - Jizzax filial bosh mutaxassisi.

Ma’lumot uchun: Elektron savdo birinchi navbatda, vaqt, transport va mehnat xarajatlarini tejash, istalgan joyda tez va samarali onlayn savdo-sotiq amaliyotini olib borish imkoniyatidir. Boshqa tomondan, elektron tijoratda savdoni tashkil qilish korxonalarning raqobatini kuchaytiradi, monopoliyadan chiqaradi va mahsulotlarning sifatini oshirish imkoniyatini yaratadi.

Bugungi kunda AQSH, Yevropa, Xitoy va boshqa rivojlangan mamlakatlarda onlayn xarid qilishdan keng foydalanilmoqda. Misol uchun, Xitoyda JD.com platformasining o‘rtacha yillik aylanmasi 100 milliard dollarni tashkil qiladi. Tashqi savdoni rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri mahalliy mahsulotlarni jonli efirdan foydalangan holda elektron savdo maydonchalari orqali eksport qilishdir.