• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

OLIY MAKTABDA YAGONA INTERAKTIV DAVLAT XIZMATLARI PORTALINING MOBIL ILOVASI TAQDIMOTI BO'LIB O'TDI

2020 yil 21 yanvar kuni Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabida, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Agentlik huzuridagi elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot loyihalarini boshqarish markazi tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumani bo'lib o'tdi.

Matbuot anjumani doirasida My.gov.uz mobil ilovasining imkoniyatlari namoyish etildi va mobil ilovada faqatgina to'liq avtomatlashtirilgan elektron xizmatlar, ya'ni davlat organlari xodimlari ishtirokisiz ko'rsatiladigan xizmatlar joriy etilganligi etirof etildi. Mazkur ilovalar orasidan yo'l harakati qoidalarini buzilganlik yuzasidan jarimalar, shaxsiy jamg'arib boriladigan pensiya hisob varag'i holati haqida ma'lumot olish, STIRni aniqlash, ish haqi miqdorini tasdiqlash to'g'risidagi ma'lumotnoma olish, kommunal xizmatlar uchun to'lovlar va boshqalar joy olgan.

Mobil ilova ishlash jarayonida unda ko'rsatib boriladigan elektron xizmatlar soni oshirib boriladi.

Bugungi kunda o'z ichiga tug'ilishni ro'yxatga olish, farzand tug'ilganda bir martalik nafaqa to'lanishi, bolani maktabgacha ta'lim muassasasiga ro'yxatga qo'yish kabi xizmatlarni olgan kompozit xizmatni joriy etish ustida ishlar olib borilmoqda. Bunday xizmatlar davlat organlariga qayta-qayta tashrif buyurish va navbatlar kutish amaliyotini yo'q qilishga qaratilgan.

2020 yil davomida biometrik ma'lumotlar asosida masofadan turib qulay usulda autenfikasiya qilishni joriy etish rejalashtirilgan (yuzni Face ID orqali aniqlash). Bunday usul elektron xizmatlardan masofadan turib oson va qulay foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Matbuot anjumani yakunida tashkilot xodimlari OAV vakillari va bloggerlarning savollariga javob berishdi.