Yangiliklar

"Ta’sirni baholash: DiD va RCT" mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar ishtirokida o‘z tinglovchilari va xodimlarining zamonaviy ilmiy bilimlarini ommalashtirish va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mahorat darslari tashkillashtirib kelmoqda.

Mazkur yo‘nalish doirasida joriy yilning 22-noyabr kuni Oliy maktabda "Ta’sirni baholash: DiD va RCT" mavzusida ta’sirni baholashning farqdagi farq (DiD) va tasodifiy nazorat sinovlari (RCT) kabi zamonaviy usullariga bag‘ishlangan mahorat darsi o‘tkazildi.

Ma’ruzachi sifatida Jorjiya shtat universiteti Andrew Young siyosat tadqiqotlari maktabining ilmiy hamkori, yetakchi ilmiy nashrlarda, jumladan, World Development, Journal of Economic Geography, Journal of Development Economics va European Journal of Political Economy jurnallarida ko‘plab maqolalar muallifi doktor Bauyrzhan Yedgenov ishtirok etdi.

Boshqaruv qarorlari samaradorligini oshirishning muhim vositasi bo‘lgan siyosat va dasturlar ta’sirini baholashning zamonaviy yondashuvlari bilan tanishish maqsadida mahorat darsi tashkil etildi. Asosiy e’tibor turli ijtimoiy qatlamlarga tashabbuslarning ta’sirini aniq o‘lchash, ma’lumotlarni tahlil qilishda xatolarni minimallashtirish imkonini beruvchi usullarga qaratildi.

Mahorat darsi doirasida farqlar farqi (Difference-in-Differences, DiD) va tasodifiy nazorat sinovlari (Randomized Controlled Trials, RCT) kabi usullar muhokama qilindi. Ushbu yondashuvlar iqtisodiyot va ijtimoiy fanlarda ham akademik muhitda, ham davlat xizmatchilari tomonidan sabab-oqibat aloqalarini aniqlash va loyihalar natijalarini baholashda keng qo‘llaniladi.

Mahorat darsi davomida doktor B.Yedgenov Qozog‘istonda amalga oshirilgan aniq loyihalar misolida ushbu usullardan amalda foydalanish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Bu ishtirokchilarga ma’lumotlarni tahlil qilish va ta’sirni baholash, shuningdek, asoslangan qarorlar qabul qilish va amalga oshirilayotgan dasturlarning samaradorligini oshirish uchun DiD va RCT usullaridan foydalanishning amaliy jihatlarini o‘rganish imkonini berdi.