• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

“RAQAMLI IQTISODIYOT VA XALQARO RAQAMLI INTEGRATSIYA” IXSTISOSLIGI BO‘YICHA TAYANCH DOKTORANTURA (PHD), DOKTORANTURA (DSC) VA MUSTAQIL IZLANUVCHILIKKA (PHD, DSC) TANLOV E’LON QILINADI

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 22 maydagi 304-son “Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarini ochish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablariga muvofiq, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi 2022 yil uchun 08.00.16 – “Raqamli iqtisodiyot va xalqaro raqamli integratsiya” ixstisosligi bo‘yicha tayanch doktorantura (PhD), doktorantura (DSc) va mustaqil izlanuvchilikka (PhD, DSc) tanlov e’lon qiladi.

Tayanch doktoranturaga (PhD) qabul qilish uchun hujjatlar ro‘yxati:

  • ariza;
  • qisqacha biografik ma’lumotnoma (obyektivka);
  • mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);
  • oliy ta’lim muassasasi magistraturasi diplomi yoki oliy ma’lumot (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha) to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
  • nashr etilgan ilmiy ishlar ro’yxati va ularning nusxalari;
  • pasport nusxasi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat stipendiyasi sohiblari tegishli hujjat nusxasini taqdim etadilar.

Eslatma: Tayanch doktoranturaga (PhD) quyidagilarga ega bo‘lganlar qabul qilinadi:

  • magistr darajasiga yoki oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomga (mutaxassislik dasturlari bo‘yicha) ega bo‘lganlar;
  • falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilmiy natijalar, shu jumladan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida bitta maqola hamda tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha ikkitadan kam bo’lmagan ilmiy ishlar to’plamlariga kiritilgan ma’ruza tezislariga ega bo‘lganlar.

Tayanch doktoranturada o‘qish uchun talabgorlar mutaxassislik va chet tili (ta’limning oldingi darajalarida o‘rganilgan xorijiy til) bo‘yicha kirish imtihonlari topshiradilar.

Talabgorlarda IELTS (o‘rtacha balli kamida 5,5), TOEFL (РВТ) (567 balldan kam bo‘lmagan), TOEFL (iBT) (87 balldan kam bo‘lmagan), CEFR (B2 darajadan past bo‘lmagan) bo‘yicha tasdiqlovchi amaldagi xalqaro malaka sertifikatlari mavjud bo‘lganda chet tilidan topshiriladigan imtihonlardan ozod etiladi.

Barcha sohalar oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul qilishda tegishli fan yo‘nalishlarida milliy sertifikatga ega bo‘lgan talabgor mutaxassislik fani bo‘yicha imtihondan ozod etiladi va unga mutaxassislik fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

Tayanch doktoranturaga kiruvchi talabgorlarning imtihon natijalaridan va ajratilgan qabul kvotasidan kelib chiqib, qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinganlardan tanlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat stipendiyalari sohiblari tayanch doktoranturaga kirish imtihonlarisiz qabul qilinadi.

Bir necha talabgorlarning tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari natijalari bo‘yicha ular tomonidan to‘plangan yakuniy ballari teng bo‘lgan taqdirda quyidagi talabgorlarga ustunlik beriladi:

  • magistraturani a’lo baholar bilan tamomlaganlar;
  • mualliflik guvohnomalari va patentga ega bo‘lganlar;
  • jurnallarda, shu jumladan, xorijiy jurnallarda ilmiy maqolalar chop etganlar.

Tayanch doktoranturaga kirish imtihonlari bo‘yicha topshiriladigan birinchi fan (mutaxassislik yoki chet tili) umumiy balining 50 foizidan kam ball to‘plagan talabgorlar keyingi bosqichga o‘tkazilmaydi.

Tayanch doktoranturaga ajratilgan kvota miqdori- 4 ta.

 

Doktoranturaga (DSc) qabul qilish uchun hujjatlar royxati:

  • ariza;
  • qisqacha biografik ma’lumotnoma (obyektivka);
  • mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi (ishlayotgan talabgorlar uchun);
  • oliy ma’lumot, fan nomzodi yoxud falsafa doktori (PhD) yoki xorijiy davlatlarda unga tenglashtirilgan ilmiy darajaga ega bo’lganligi to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
  • nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning nusxalari;
  • tadqiqot mavzusi bo’yicha ilmiy ma’ruza va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun tayyorlangan doktorlik dissertatsiyasi rejasining mufassal loyihasi;
  • nashr etilgan ilmiy ishlar ro‘yxati, shuningdek ularning nusxalari;
  • pasport nusxasi.

Eslatma: Doktoranturaga (DSc) quyidagilarga ega bo‘lganlar qabul qilinadi:

  • fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoxud ularga tenglashtirilgan xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalar;
  • fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi yoxud ularga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar olgandan so‘ng muhim ilmiy yutuqlarga erishish, shu jumladan, fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiya tadqiqoti asosini tashkil qilishi mumkin bo‘lgan ilmiy jurnallarda chop etilgan kamida uchta ilmiy maqolaga hamda ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va tegishli ilmiy yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy ishlar to‘plamlarida kamida ikkita tezisga ega bo‘lish.

Bir necha talabgorlarning doktoranturaga suhbat natijalari bo’yicha ular tomonidan to’plangan yakuniy ballari teng bo’lgan taqdirda quyidagi talabgorlarga ustunlik beriladi:

  • 5 yildan ortiq ilmiy-pedagogik stajga ega bo‘lganlar;
  • mualliflik guvohnomalari va patentga ega bo’lganlar;
  • monografiya (ijtimoiy-gumanitar fanlar uchun), talabgorning dissertatsiya mavzusi bo‘yicha tegishli ilmiy jurnallarda, shu jumladan xorijiy jurnallarda chop etilgan soni bo‘yicha (boshqa talabgorlarga nisbatan) ko‘p miqdorda ilmiy maqolaga ega bo‘lganlar;
  • dissertatsiya tadqiqoti hajmining 50 foizdan ko‘p qismini bajarganlar.

Doktoranturada o‘qish uchun kirayotgan talabgorlar qabul komissiyasi tomonidan ixtisoslik bo‘yicha suhbatdan o‘tadilar. Barcha sohalar oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlariga qabul qilishda tegishli fan yo‘nalishlarida milliy sertifikatga ega bo‘lgan talabgor mutaxassislik fani bo‘yicha imtihondan ozod etiladi va unga mutaxassislik fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.

Doktoranturaga kiruvchi talabgorlarning suhbat natijalaridan kelib chiqib, qabul komissiyasi tomonidan qabul qilinganlardan tanlanadi.

Doktoranturaga ajratilgan kvota miqdori- 1 ta.

 

Tayanch doktorantura (PhD) va doktoranturaga (DSc) hujjatlar 15 sentabrdan 15 oktabrgacha 15-sentabrdan 15-oktabrgacha bo‘lgan davrda qabul komissiyasi tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi Yagona elektron tizimi (http://phd.mininnovation.uz) orqali qabul qilinadi.

Mustaqil izlanuvchilikka (PhD, DSc) qabul qilish uchun hujjatlar ro‘yxati:

  • ariza;
  • qisqacha biografik ma’lumotnoma (obyektivka);
  • falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish, mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun magistrlik yoki oliy ma’lumot (mutaxassislik dasturi bo’yicha) to‘g‘risidagi diplom nusxasi;
  • mehnat daftarchasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasi;
  • ilmiy ishlar ro‘yxati va ularning nusxasi;
  • fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish, mustaqil izlanuvchi sifatida rasmiylashtirish uchun fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) diploma yoki xorijda olingan unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalar diploma nusxasi;
  • ish joyidan tavsifnoma;
  • pasport nusxasi.

Eslatma: Falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasi uchun mustaqil izlanuvchanlikka quyidagilarga ega bo’lganlar qabul qilinadi:

  • magistr diplomi yoki oliy ma’lumot to‘g‘risidagi (ixtisoslik bo‘yicha) diplomga ega bo‘lganlar;
  • belgilangan ilmiy maqolalariga ega bo‘lganlar

Fan doktori (DSc) ilmiy darajasi uchun mustaqil izlanuvchilikka fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) yoki ularga tenglashtirilgan xorijiy mamlakatlarda olingan diplomga ega bo‘lgan, belgilangan tartibda talablarga muvofiq ilmiy daraja olganidan so‘ng salmoqli ilmiy yutuqlarga erishgan shaxslar rasmiylashtiriladi.

Talabgorlarning mustaqil izlanuvchilikka hujjatlarini qabul qilish yil davomida amalga oshiriladi. Mustaqil izlanuvchilikka talabgorlarni tanlab olish ixtisoslik bo‘yicha suhbat natijalari va qabul komissiyasining tegishli xulosasi bo‘yicha amalga oshiriladi.

Mustaqil izlanuvchilikka (PhD, DSc) hujjatlar 15 sentyabrdan 15 oktyabrgacha, 15 yanvardan 15 fevralgacha, 15 apreldan 15 maygacha, 15 iyuldan 15 avgustgacha boʼlgan davrlarda qabul komissiyasi tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi Yagona elektron tizimi (http://phd.mininnovation.uz) orqali qabul qilinadi.

Manzil: Toshkent shahri, Mirobod tumani, Mirobod ko’chasi 25-uy.

Bog‘lanish uchun telefon: (71) 239-03-17, 239-03-02.

Elektron manzil: o.aliqoriev@rgsbm.uz