• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

RAQAMLI IQTISODIYOT VA KORPORATIV BOSHQARUV: GERMANIYA TAJRIBASI

Joriy yilning 29 iyunidan 4 iyuliga qadar, Berlin shahrida (Germaniya) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi va Germaniyaning Yevropa menejment va texnologiyalar maktabi (EMTM-ESMT) bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Raqamli iqtisodiyot va korporativ boshqaruv” mavzusidagi maxsus o‘quv-amaliy kursi bo‘lib o‘tadi.

Korporativ boshqaruv va komplayens-nazorat tizimi, raqamlashtirish – kompaniya rivojlanishining muhim omili sifatida, ulkan ma’lumotlar bazasi va sun’iy intellekt, biznesni modellashtirish - biznes modelga asoslangan raqamlashtirish strategiyasini ishlab chiqish, raqamlashtirishda yetakchilik, o‘zgarishlarni boshqarish, loyihalarni boshqarish va raqamlashtirish, loyihalar ofisini boshqarish kabi nazariy bilim va amaliy mashg‘ulotlarini o‘z ichiga olgan dasturda mamlakatimizning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan 40 dan ziyod o‘rta va  yuqori bo‘g‘im rahbar kadrlari ishtirok etishmoqda.

Shu bilan birga, ishtirokchilar Germaniyaning Deutsche Bank, Volkswagen, SAP, Sparkasse Bremen, McKinsey, Friedrichsstrabe 181, DB Systel, Fintech Sum-up, Graf von Westphalen kabi yirik kompaniyalariga tashrif buyurib, u yerdagi ish jarayonlari bilan yaqindan tanishadilar.

Kurs yakuni bo‘yicha barcha ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.

 

Ma’lumot uchun:

Yevropa menejment va texnologiyalar maktabiga (EMTM-ESMT) Germaniyaning 25 ta yetakchi kompaniyalari tashabbusi bilan asos solingan bo’lib, Financial Times va Bloomberg Businessweek reytinglariga ko’ra eng kuchli Yevropa oliy o’quv yurtlari o’ntaligidan joy olgan.

Barcha o‘quv dasturlar AACSB (The Association to Advance Collegiate Schools of Business), AMBA (Association of MBAs) va EFMD (European Foundation for Management Development) kabi xalqaro tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tgan.