• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

OLIY MAKTABDA NAVBATDAGI XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA BO‘LIB O‘TDI

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi binosida Janubiy Koreyaning Handong Global universiteti bilan hamkorlikda Kapital bozorini rivojlantirish sharoitida korporativ boshqaruvni takomillashtirishning dolzarb masalalari mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda yurtimizda faoliyat yuritayotgan yirik xalqaro va mahalliy idora vakillari, Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi va Oliy maktab rahbariyati, professor-o‘qituvchilari va magistratura tinglovchilari, soha bo‘yicha ekspertlar va  OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri o‘rinbosari, Oliy maktab direktori Bobur Abdinazarov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Konferensiyaga tashrif buyurgan barcha mehmonlarga minnatdorchilik bildirib, hozirgi kunda kapital bozorini rivojlantirishning ahamiyati va bu borada yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar borasida to‘xtaldi.

Keyingi so‘z navbati Koreya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi janob Kim Xi Sang ga berildi. O‘z navbatida janob elchi taklif uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston Respublikasi rahbariyati tomonidan mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlarga yuqori baho berdi va ikki davlat o'rtasidagi diplomatik aloqalar yanada mustahkamlanib borayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Konferensiyaning yalpi majlisida, xorijiy va mahalliy spikerlar tomonidan “Rivojlanayotgan kapital bozorini rivojlantirish: muammolar va imkoniyatlar”, “Kapital bozori uchun emitentlar faoliyati shaffofligini oshirishda AJ yillik hisobotlari rolini oshirish”, “Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) tamoyillariga asoslangan o'zbek AJ uchun korporativ boshqaruv hisobi”, “Korporativ va ekologik ijtimoiy boshqaruv,” “Kapital boshqaruv va kapital bozorini rivojlantirish, qonun chiqaruvchilar va tartibga soluvchilar uchun asosiy savollar”, “Venchur biznesni moliyalashtirish davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash”, “O‘tish iqtisodiyotida korporativ boshqaruvni baholash (O‘zbekiston misolida)”, “Kapital bozori korporativ boshqaruvning indikatori sifatida”, “Koreya Davlat tashkilotlari mulki energetika sektori”, “Investitsiya fondlari kapital bozorida investorlar ishonchining kafolati sifatida”, “Xususiylashtirish va korporativ o‘sish”, “Iqtisodiyotni raqamlashtirish sharoitida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka investitsiyalarni jalb qilishni takomillashtirish” kabi mavzular keng muhokama qilindi.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya yakunida ishtirokchilar o‘zlari uchun foydali va dolzarb ma’lumotlarni qo‘lga kiritdilar hamda ilmiy-amaliy va ta’lim sohasida hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdilar.

Shu bilan birga, konferensiyaga ushbu sohada tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlar, tadqiqotchi va amaliyotchi xodimlar ham keng jalb qilinib, ular tomonidan yuborilgan ilmiy maqolalar konferensiya materiallari bilan birgalikda to‘plam sifatida chop etiladi.



FOTOLAVHALAR: