• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

OLIY MAKTAB VAKILLARI "O’ZAVTOSANOAT" AJ ISHLAB CHIQARISH OB'EKTLARIGA TASHRIF BUYURISHDI - METALL VARAQDAN TAYYOR AVTOMOBILGACHA

Joriy yilning 21-22 oktyabr sanalarida O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi (keyingi o’rinlarda – Oliy maktab) o’quv amaliyot darslari doirasida, magistratura tinglovchilarini avtomobilsozlik sanoati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida, "O'zavtosanoat" AJning Andijon viloyatida joylashgan ishlab chiqarish ob'ektlariga ekskursiya tashkil qilindi.

Ekskursiyaning birinchi kunida tadbir ishtirokchilari “UzAuto Motors” AJ vakillari tomonidan iliq kutib olinib, to'g'ridan-to'g'ri Asaka shahrida joylashgan avtomobil zavodiga olib borildi.

So’ngra, mehmonlarga xavfsizlik bo'yicha instruktaj o’tilib, avtomobillarni yig'ishning to’liq jarayonini ko'rsatish maqsadida ishtirokchilarga presslash, yig'ish va payvandlash sexlariga ekskursiya uyushtirildi, shuningdek, 2022 yilning ikkinchi yarmidan sotuvga chiqishi rejalashtirilgan zamonaviy Chevrolet Tracker va Onix avtomobillarini yangi ishlab chiqarish liniyasini ko'rish imkoniga ega bo'ldi.

“UzAuto Motors” zavodiga bo’lgan ekskursiya yakunida ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob olishdi.

Ekskursiyaning keyingi kuni avtomobil sanoatida mahalliylashtirish mavzusiga bag'ishlangan bo'lib, unda ishtirokchilar avtomobilni isitish, sovutish, ventilyatsiya va ichki bezatish qisimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan "UzErae Climate Control" va "Uz Tong Hong" qo'shma korxonalariga tashrif buyurishdi.

Fursatdan foydalanib, Oliy maktab nomidan "O'zavtosanoat" AJ, "UzAuto Motors" AJ va "Uzautocomponents" MCHJ rahbariyatiga samimiy qabul va yuqori saviyada tashkillashtirilgan ekskursiyalar uchun o’z minnatdorchiligimizni bildiramiz!