Yangiliklar

OLIY MAKTAB VA TOSHKENTDAGI TMC INSTITUTI O'RTASIDA HAMKORLIK MEMORANDUMI IMZOLANDI

Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida (keyingi o'rinlarda – Oliy maktab) xorijiy oliy o’quv yurtlari vakillari bilan navbatdagi rasmiy uchrashuv bo'lib o'tdi. Bu galgi faxriy mehmonlar - Toshkentdagi TMC institutining o'quv ishlari bo’yicha direktori Lesli Braun boshchiligidagi vakillari bo’ldi. Iliq qabuldan so'ng, mehmonlar Oliy maktabning katta majlislar zaliga taklif etilib, tadbirning rasmiy qismi o’tkazildi.

Shuningdek, mehmonlar tomonidan Singapurdagi TMC Akademiyasining direktori janob Jon Li va Buyuk Britaniyadagi TMC Akademiyasining raisi professor Tim videokonferensaloqa orqali muzokaralarda faol ishtirok etib, TMC institutining rivojlanish tarixi va hozirgi faoliyati haqida qisqacha so’zlab berishdi. Oliy maktab direktori Ilhom O'rinboevich javob nutqida mehmonlarga Oliy maktab erishgan yutuqlari va o'z oldiga qo'ygan rivojlanishning ustuvor yo'nalishlari to’g’risida so’zladi.

Xususan, uchrashuv doirasida ta'lim sohasida o'zaro manfaatli hamkorlik masalalari, qo'shma ta’lim dasturlari, ilmiy anjumanlar, mahorat darslari va boshqa ilmiy -ma'rifiy tadbirlarni ishlab chiqish masalalari muhokama qilindi.

Tadbirning rasmiy qismi tomonlar o'rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan hamkorlik memorandumi imzolanishi bilan yakunlandi.

Uchrashuv so’ngida, mehmonlarga Oliy maktabning o'quv xonalari, ma'ruza zallari, kutubxona, hamda xodimlarining ish jarayonlari bo’ylab ekskursiya uyushtirildi.

Do'stona va konstruktiv ruhda o'tgan uchrashuv yakunida tomonlar o’zaro hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.