• Biz ijtimoiy tarmoqlarda:

Русский O'zbekcha English

Yangiliklar

HANDONG GLOBAL UNIVERSITETI VAKILLARINING OLIY MAKTABGA NAVBATDAGI RASMIY TASHRIFI

 

 

 

 

 

 

 

2022-yilning 5-7 aprel kunlari Biznes va tadbirkorlik oliy maktabiga UNESCO/UNITWIN dasturi doirasida Janubiy Koreya Prezidentining sobiq kotib yordamchisi, professor Jinvon An boshchiligidagi Handong Global universiteti vakillari tashrif buyurishdi.

Shuni alohida takidlash joizki, Oliy maktab va Handong Global universiteti 2015-yildan buyon o’zaro hamkorlik qilib kelmoqda. Shu vaqt oralig’ida ko‘plab qo‘shma tadbirlar, seminar va konferensiyalar, Oliy maktab magistratura tinglovchilarining Janubiy Koreyada qisqa muddatli ilmiy stajirovkalari tashkil etildi.

Pandemiya davrida magistratura tinglovchilari uchun “Kapital bozorlarida baholash”, “Aktivlar bahosi, Osiyo moliya bozorlari inqirozi”, “Qimmatli qog‘ozlar bozoriga urg‘u berilgan kapital bozori”, “Raqamli transformatsiya strategiyasi” mavzularida maxsus onlayn ma’ruzalar va 2021-yil iyun oyida BMTning sobiq Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan “Global fuqarolik” mavzusida onlayn konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Hamkorlikning butun davri mobaynida 2885 dan ortiq tinglovchilar UNESCO/UNITWIN dasturi doirasida Handong Global universiteti tomonidan o‘tkazilgan bir qator maxsus ma’ruza va seminarlarda qatnashdilar. Shuningdek, marketing, menejment, moliya, kapital bozori va boshqa sohalarga oid 430 dan ortiq kitoblar Oliy maktab kutubxona fondiga beg’araz taqdim etilgan.

2021-yilda UUOOI (unesco-unitwin ocw/oer initiative) dasturi doirasida Oliy maktab professor-o‘qituvchilari uchun grantlar taqdim etildi. 

Navbatdagi tashrif davomida Oliy maktab magistratura tinglovchilari va professor-o‘qituvchilari uchun professor Jinvon An tomonidan “Koreya iqtisodiyotida raqamli transformatsiya” mavzusida ma’ruza o‘tkazildi va tadbir ishtirokchilari maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandilar. Bundan tashqari, Handong Global Universiteti Oliy maktab professor-o‘qituvchilari uchun yangi Open Course Ware (OCW) grant dasturi taqdimotini o’tkazdi. Shuningdek, qo‘shma diplomlar dasturi va Oliy maktab tinglovchilarining kelgusi yozgi ta’til davrida Global Biznes Ekspeditsiya (G-Bex) loyihasida ishtirok etish uchun Janubiy Koreya Respublikasiga tashriflari muhokama qilindi.